Sayt test rejimida ishlamoqda


Barcha yangiliklar

“UzGasTrade” AJda Prezident nutqining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi

12 Oktyabr 2026

28

          2026-yil 8-oktabr kuni “UzGasTrade” aksiyadorlik jamiyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqining mazmun-mohiyatini o‘rganish va keng targ‘ib etishga qaratilgan o‘quv seminari tashkil etildi.

Soha mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda mamlakatimizning mustaqillik yillarida bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li, erishilgan yutuqlar, bugungi islohotlarning ahamiyati hamda Yangi O‘zbekistonning kelgusi rivojlanish istiqbollari haqida so‘z yuritildi.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi bilan boshlangan seminarda Prezident nutqida ilgari surilgan muhim tashabbus va g‘oyalar, ularning jamiyat hayotidagi o‘rni hamda ahamiyatiga e’tibor qaratildi.

Dastlab “Uch ming yillik ildiz va Uchinchi Renessans: tarixiy vorislik, milliy o‘zlik va ma’naviy meros” mavzusida ma’ruza qilindi. Unda xalqimizning boy tarixi, milliy davlatchilik an’analari, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy va ma’naviy meros, shuningdek, Uchinchi Renessans poydevorini yaratishda tarixiy xotira va milliy qadriyatlarning o‘rni haqida fikr yuritildi.

“Inson qadri — 35 yillik islohotlarning o‘lchovi: erkinlik, bilim, sog‘liq va yoshlar” mavzusida esa mustaqillik yillarida inson manfaatlarini ta’minlash, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlar hamda bu yo‘nalishdagi ustuvor vazifalar yoritildi.

Seminar davomida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalariga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi.

           Shundan so‘ng “Milliy yuksalish o‘n yilligi: yetti milliy dastur yaxlit tizim sifatida” mavzusida ma’ruza tinglandi. Unda mamlakatimizning kelgusi taraqqiyot yo‘nalishlari, milliy dasturlarning o‘zaro bog‘liqligi va belgilangan maqsadlarga erishishda izchil hamda tizimli ish olib borishning ahamiyati haqida tushunchalar berildi.

Tadbir doirasida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tayyorlangan “O‘zbek kelayotir, tarix qa’ridan” nomli videoklip ham namoyish etildi. Unda xalqimizning tarixiy ildizlari, milliy o‘zligi va boy ma’naviy merosi o‘z ifodasini topgan.

Seminar yakunida Prezident nutqida ilgari surilgan g‘oyalarni chuqur o‘rganish, ularning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish, yosh avlodni milliy qadriyatlarga hurmat va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash muhimligi ta’kidlandi.

Mazkur o‘quv seminari Jamiyat xodimlarining mamlakatimizda kechayotgan islohotlar haqidagi bilimlarini boyitish, tarixiy merosimizga hurmat va yurtimiz kelajagiga daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qildi.

 

Powered by GSpeech