Sayt test rejimida ishlamoqda


Barcha yangiliklar

“UzGasTrade” AJda O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir va diktant o‘tkazildi

16 Oktyabr 2026

14

2026-yil 16-oktabr kuni “UzGasTrade” AJda 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan “O‘zbek tili — milliy davlatchiligimiz timsoli” shiori ostida “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Tadbir davlat tiliga hurmatni mustahkamlash, xodimlarning yozma va og‘zaki nutq madaniyatini rivojlantirish hamda kundalik faoliyatda o‘zbek adabiy tili me’yorlariga rioya etishning ahamiyatini yoritishga qaratildi.

Tadbir davomida namoyish etilgan taqdimotda ona tilining xalqimiz tarixi, madaniy merosi va milliy o‘zligini asrashdagi o‘rni ochib berildi. Alisher Navoiy va Abdulla Avloniyning tilga ehtirom haqidagi fikrlari orqali so‘zga mas’uliyat bilan yondashish, adabiy merosni o‘rganish va mutolaa madaniyatini rivojlantirishning ahamiyati yoritildi.

Shuningdek, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi, uning konstitutsiyaviy kafolatlari hamda “Davlat tili haqida”gi Qonunda belgilangan me’yorlarga e’tibor qaratildi. Rasmiy ish yuritishda fikrni aniq va ravon ifodalash, sohaviy atamalarni izchil qo‘llash, hujjatlarda imlo va tinish belgilariga rioya qilish masalalari amaliy misollar asosida tushuntirildi.

Taqdimotda o‘zbek tilining raqamli muhitdagi imkoniyatlari ham yoritildi. Elektron lug‘atlardan foydalanish, o‘zbek tilida sifatli axborot tayyorlash hamda avtomatik tarjima va sun’iy intellekt yordamida yaratilgan matnlarni tahrirdan o‘tkazishning ahamiyati qayd etildi. Ona tilidagi savodxonlikni mustahkamlash bilan birga xorijiy tillarni o‘rganish va boshqa tillarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish masalalariga ham o‘rin berildi.

Tadbirning amaliy qismi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-308-son qarorida nazarda tutilgan umummilliy diktant loyihasi doirasida xodimlar o‘rtasida diktant o‘tkazildi. Ishtirokchilar o‘zbek tilining imlo va tinish belgilariga oid bilimlarini amalda sinovdan o‘tkazdilar.

Mazkur tadbir ona tiliga ehtiromni kundalik ish faoliyati bilan bog‘lash, davlat tilida tayyorlanadigan hujjatlar va axborot materiallari sifatiga e’tiborni kuchaytirish hamda xodimlarning savodxonligini oshirishga xizmat qildi.

 

Powered by GSpeech