“UzGasTrade” AJda milliy qadriyatlar, ona tiliga ehtirom va xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rniga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi
12 Oktyabr 2026
99
2026-yil 9-oktabr kuni “UzGasTrade” aksiyadorlik jamiyatida xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi faolligini qo‘llab-quvvatlash, milliy qadriyatlarni targ‘ib etish hamda 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan “Milliy Party” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda Jamiyat xodimalari ishtirok etib, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni, kasbiy va shaxsiy rivojlanish imkoniyatlari, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash hamda gender tenglik masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Juma kunlari milliy liboslar kiyish tashabbusi doirasida ishtirokchilar milliy matolardan tikilgan liboslarda qatnashib, ularning o‘ziga xosligi, xalqimiz tarixi va madaniyatidagi o‘rni haqida suhbatlashdilar.
Tadbir davomida xalqimizning milliy urf-odatlari va muomala madaniyatiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, samimiy so‘rashish, o‘zaro hurmat va xushmuomalalik bilan choy uzatish kabi an’analar namoyish etildi. Milliy shirinliklar tortilgan dasturxon atrofida ishtirokchilar o‘zaro suhbatlashib, fikr va mulohazalarini o‘rtoqlashdilar.
Shuningdek, O‘zbek tili bayrami kuni arafasida ona tilimizning lug‘aviy boyligi va ifoda imkoniyatlariga bag‘ishlangan suhbat tashkil etildi. Unda har bir ishtirokchi kundalik nutqda nisbatan kam qo‘llaniladigan bir nechta o‘zbekcha so‘zni taqdim etib, ularning ma’nosi va nutqda qo‘llanish xususiyatlarini tushuntirdi. Suhbat davomida so‘zlarning ma’no nozikliklari va ulardan o‘rinli foydalanish yuzasidan fikr almashildi.
Milliy liboslar, xalqimizga xos muomala odobi va ona tilimizga bag‘ishlangan suhbatlar tadbirga o‘zgacha mazmun bag‘ishladi. Ishtirokchilar uchun bu kun nafaqat bayramona uchrashuv, balki o‘zaro fikr va tajriba almashish imkoniyati ham bo‘ldi.
Boshqa yangiliklar
“UzGasTrade” AJda Prezident nutqining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi
Kiberxavfsizlik — raqamli barqarorlikning muhim omili
1-oktabr — Ustoz va murabbiylar kuni
“UzGasTrade” AJ xodimlari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi