Sayt test rejimida ishlamoqda


Barcha yangiliklar

31-AVGUST — QATAG‘ON QURBONLARINI YOD ETISH KUNI

28 Avgust 2026

18

Har yili 31-avgust kuni mamlakatimizda Vatan ozodligi, xalqimiz erkinligi, milliy qadriyatlar va ma’rifat ravnaqi yo‘lida kurashib, mustabid tuzum davrida nohaq qatag‘on qilingan yurtdoshlarimiz xotirasi yod etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2001-yil 1-maydagi PF–2837-son Farmoni bilan 31-avgust — Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni etib belgilangan. Mazkur sananing Mustaqillik bayrami arafasida nishonlanishi xalqimiz boshidan kechirgan murakkab tarixni chuqur anglash, ozod va tinch hayotning qadriga yetishda muhim ma’naviy ahamiyat kasb etadi.

Qatag‘on yillarida minglab ziyolilar, davlat va jamoat arboblari, ilm-fan, adabiyot hamda madaniyat namoyandalari turli asossiz ayblovlar bilan ta’qib etildi, qamoqqa olindi, surgun qilindi yoki qatl etildi. Ularning hayoti, faoliyati va ma’naviy merosini o‘rganish, pok nomlarini tiklash hamda xotirasini abadiylashtirish tarixiy adolatning muhim ifodasidir.

Xotirlash va qadrlash — xalqimizning azaliy fazilatlaridan biridir. Ajdodlar xotirasiga hurmat bajo keltirish, ularning Vatan va millat ravnaqi yo‘lidagi jasoratidan ibrat olish yosh avlod qalbida vatanparvarlik, fidoyilik va tarixiy xotiraga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlaydi.

Mazkur sana munosabati bilan joriy yilning 24-avgust kuni “UzGasTrade” AJ xodimlarining Toshkent shahridagi “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuiga tashrifi tashkil etildi. Tashrif davomida qatag‘on qurbonlarining Vatan ozodligi va millat ravnaqi yo‘lidagi mashaqqatli kurashi yodga olinib, ularning xotirasiga chuqur hurmat va ehtirom bajo keltirildi.

Bunday tashriflar tarixiy haqiqatni teran anglash, ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini asrab-avaylash hamda bugungi tinch, erkin va farovon hayotning qadriga yetishga xizmat qiladi.

                                                                                                                                                    Qatag‘on qurbonlarining xotirasi qalblarimizda abadiy yashaydi!

                                                                                                              

Powered by GSpeech