Sayt test rejimida ishlamoqda Saytning eski talqini


Barcha yangiliklar

9- dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni

5 Dekabr 2025

25

Korrupsiya — jamiyatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazuvchi xavfli jinoyat bo‘lib, u hech bir mamlakat yoki mintaqada to‘liq immunitetga ega emas. Bugungi kunda dunyo bo‘yicha poraxo‘rlik hajmi yiliga 1 trillion dollar deb baholanmoqda. Jahon iqtisodiyoti korrupsiyaviy faoliyat oqibatida yana 2,6 trillion dollardan ortiq mablag‘ yo‘qotmoqda. Bu esa global yalpi ichki mahsulotning 5 foizidan ko‘prog‘ini tashkil etadi. BMT Taraqqiyot dasturi ma’lumotlariga ko‘ra, rivojlanayotgan mamlakatlardagi korrupsiya bilan bog‘liq yo‘qotishlar rivojlanish maqsadlari uchun ajratiladigan rasmiy yordamdan 10 baravardan ko‘proqdir.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashabbusi bilan 2004-yildan buyon har yili 9 dekabr Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni sifatida butun dunyoda nishonlanadi. Aynan shu kuni, 2003-yilda Meksikaning Merida shahrida o‘tgan yuqori darajadagi siyosiy konferensiyada BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi imzolash uchun ochiq deb e’lon qilingan edi.

Davlatimiz rahbari 2016-yil oktabr oyida, Prezidentlikka nomzod sifatida o‘tkazgan ilk saylovoldi ma’ruzasidayoq mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik kabi illatlar qatorida davlat hokimiyati nufuzini tushiruvchi hamda iqtisodiyot va tadbirkorlik rivojiga jiddiy to‘siq bo‘lib kelayotgan korrupsiya masalasiga alohida e’tibor qaratgan edi.

Har yili 9-dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan Aksilkorrupsiya oyligi doirasida respublikaning turli vazirlik va idoralari, ta’lim muassasalari hamda tashkilotlarida davra suhbatlari, treninglar, “ochiq eshiklar kuni”, forumlar, tanlovlar va targ‘ibot tadbirlari tashkil etiladi.

Shu jumladan, “UzGasTrade” AJda ham “9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan tadbir o‘tkazildi. Aksilkorrupsiya oyligi doirasida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi prokurori, yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori Safarov Temur Uktamovich ishtirok etdi.

Tadbir davomida korrupsiyaning salbiy oqibatlari, uning rivojlanishga to‘siq bo‘layotgani, aholining huquqiy madaniyatini oshirish zarurati, davlat va jamiyatning bu illatga qarshi birgalikda kurashishining muhimligi haqida batafsil so‘z yuritildi. Shuningdek, to‘ylar, oilaviy tadbirlar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishda ortiqcha sarf-xarajatlarni kamaytirish, dabdabozlikdan cheklanish, “orzu-xavas” ortidan quvishning nojo‘ya oqibatlari muhokama qilindi.

Tadbirda, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi amaldagi qonunchilikdagi yangiliklar, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.

Powered by GSpeech