Sayt test rejimida ishlamoqda Saytning eski talqini


Barcha yangiliklar

“Qadring baland boʻlsin, ona tilim!”

16 Oktyabr 2025

66

          Buyuk maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy aytganlaridek, “Har bir millatning dunyoda borligʻiini koʻrsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur”... mustaqilligimiz arafasida oʻzbek tiliga davlat tili maqomini berish masalasida nihoyatda qizgʻin, baʼzida keskin va murosasiz bahs va tortishuvlardan soʻng, 1989-yilning 19-oktabr kuni bu oʻta muhim masala Oliy Kengash sessiyasi muhokamasiga qoʻyilgan va qariyb bir yarim asrlik qaramlikdan soʻng mamlakatimizda oʻzbek tili davlat tili deb eʼlon qilingan. Va nihoyat 1989-yil 21-oktabrdan xalqimizning muqaddas qadriyatlaridan biri boʻlmish ona tilimiz oʻzining qonuniy maqomi va himoyasiga ega boʻldi.   

          Bu Vatanimiz tarixida tom maʼnodagi buyuk voqea boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 10-apreldagi OʻRQ-615-son Qonuniga muvofiq  21-oktabr – “Oʻzbek tili bayrami kuni” etib belgilandi va bayram sifatida keng nishonlanib kelmoqda. Shu munosabat bilan, joriy yilning 15-oktabr kuni “UzGasTrade” AJda ham markaziy va hududiy boʻlinmalar xodimlari ishtirokida “Qadring baland boʻlsin, ona tilim!” shiori ostida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi, Falsafa fanlari boʻyicha falsafa doktori,  dotsent, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, «Maʼnaviyat fidoyisi» koʻkrak nishoni sohibasi hamda “Shuhrat” medali sovrindori Axrorova Shaxlo Oʻrinboyevna bilan uchrashuv tashkil etildi.

          “Men til haqda soʻz bitayotganda, onam haqida, otam haqida, Vatan haqida yozayotganday boʻlaman. Bolaligim, oʻzim haqimda, gʻururim haqida yozayotganday boʻlaman. Xoʻsh, milliy til nima oʻzi? Bu jahon sahnida millatning yashamogʻi unga qay darajada bogʻliq? Biz milliy qadriyatlar, milliy oʻzlik, ularni asrab-avaylash haqida kuyinib gapiramiz. Aslida ularni ajdodlardan avlodlarga olib oʻtguvchi ham, ularning borligini ayon qilguvchi ham, moziyni kelajakka yetaklab kelguvchi ham til emasmi?... Aslida ona tiliga nisbatan eʼtiborsizlik, hurmatsizlik bu – milliy gʻurur yetishmasligining belgisi. Milliy gʻururi soʻniq millatning kelajagi boʻlmaydi. Milliy gʻururi soʻniq millatda milliy birlik boʻlmaydi. Bizni bugungi yorugʻ kunlargacha yetaklab kelgan, oʻtmishimizni, qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz, anʼanalarimiz, ajdodlarimiz meroslarini asrlar silsilasidan olib oʻtgan, onamiz ovozida qulogʻimizga allalar quygan Ona tilimizni, Onajon tilimizni qadrlash har birimiz zimmamizdagi sharafli vazifadir!”– deydi shoira.

          Tadbir Sh.Axrorova bilan samimiy suhbat va uning ijodidan ona tiliga bagʻishlangan taʼsirli sheʼrlar bilan koʻtarinki ruhda yakunlandi.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Powered by GSpeech