Sayt test rejimida ishlamoqda Saytning eski talqini


Barcha yangiliklar

“UzGasTrade” AJ xalqaro standartlarga asoslangan tizimlarni joriy etmoqda

29 Avgust 2025

117

           “UzGasTrade” AJ o‘z faoliyatida transformatsiya jarayonlarini izchil amalga oshirmoqda. Aksiyador kutilmasi va yo‘l xaritasi doirasida xalqaro nufuzli konsalting kompaniyalari, jumladan, Katta to‘rtlik (“Big 4”) vakillari — “Ernst & Young” hamda “Deloitte” bilan hamkorlikda qator muhim tashabbuslar yo‘lga qo‘yilgan.

          So‘nggi yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish va ularning samaradorligini oshirish choralari takomillashtirilmoqda. Mazkur jarayonning huquqiy poydevorini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 1 martdagi PQ–83-son va 2023 yil 18 avgustdagi PQ–283-son qarorlari belgilab beradi. Ushbu hujjatlar bozor mexanizmlariga o‘tishni jadallashtirib, davlat ishtirokidagi korxonalarda transformatsiya jarayonlarini amalga oshirishga keng yo‘l ochadi.

          Shu munosabati bilan “UzGasTrade” AJ o‘z faoliyatida zamonaviy boshqaruv usullari hamda xalqaro standartlarga asoslangan tizimlarni joriy etmoqda. Xususan, xalqaro moliyaviy hisobot standartlari doirasida hisob siyosati, soliq hisobi siyosati va boshqaruv hisobi siyosati ishlab chiqilmoqda. Bu orqali buxgalteriya hisobi xalqaro standartlar asosida yuritilishi, xorijiy tashkilotlar bilan samarali hamkorlik qilinishi va investitsiyaviy jozibadorlikning oshirilishi maqsad qilingan.

          Shuningdek, xatarlarni boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha ishlar izchil davom etmoqda. “Ernst & Young” bilan hamkorlikda xatarlarni o‘z vaqtida aniqlash, oqibatlarni baholash, samarali boshqaruv qarorlarini qabul qilish va ularni kamaytirish jarayonlari xalqaro standartlar asosida tashkil etilmoqda.

          Ichki audit xizmatini takomillashtirish ham transformatsiya jarayonlarining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Yangi ishlab chiqilgan nizom xalqaro standartlar talablarini qamrab olgan bo‘lib, yuqori malakali mutaxassislarni, jumladan ACCA sertifikatiga ega xodimlarni jalb qilish imkoniyatini yaratadi. Bu esa ichki nazorat samaradorligini oshirish, xatarlarni kamaytirish va xizmat faoliyatini ilg‘or xalqaro tajribalarga muvofiq yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.

          “UzGasTrade” AJda amalga oshirilayotgan transformatsiya tashabbuslari kompaniyaning moliyaviy shaffofligi, boshqaruv samaradorligi va korporativ boshqaruv madaniyatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.

Powered by GSpeech