Sayt test rejimida ishlamoqda Saytning eski talqini


Barcha yangiliklar

Xodimlar malakasini oshirish ishlari izchil davom etmoqda

23 Fevral 2026

10

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida davlat ishtirokidagi yirik kompaniyalarda ekologik, ijtimoiy masʼuliyat va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillarini joriy etish, shuningdek, ESG reytinglarini qoʻlga kiritishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Ushbu yoʻnalishda korxonalar faoliyatida shaffoflikni kuchaytirish va barqaror rivojlanishni taʼminlash ustuvor vazifalardan hisoblanadi.

Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida 2026-yil 19–30-yanvar kunlari “UzAssets” AJ tomonidan Osiyo taraqqiyot banki koʻmagida hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi bilan hamkorlikda “ESG Center of Excellence” loyihasi doirasida I bosqich — “ESG asoslari” oʻquv kursi tashkil etildi.

Oʻquv kursda respublikadagi 22 ta yirik davlat kompaniyasidan jami 48 nafar mutaxassis ishtirok etdi. Jumladan, “UzGasTrade” AJdan Tolipov Behzod, Abdullaeva Sevara va Ziyodullayev Abbos faol qatnashdilar.

Dastur davlat kompaniyalari xodimlarida ichki ESG kompetensiyalarini shakllantirish va rivojlantirishga qaratildi. Mashgʻulotlar doirasida ishtirokchilar:

  • uglerod izini hisoblash;
  • ISO xalqaro standartlari boʻyicha gap-tahlil oʻtkazish;
  • ESG maʼlumotlarini yigʻish, verifikatsiya qilish va tayyorlash

yoʻnalishlari boʻyicha nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega boʻldilar.

Oʻquv jarayoni davomida amaliy mashgʻulotlar hamda yakuniy imtihonlar oʻtkazildi. Olingan bilim va koʻnikmalar kompaniyalarda ESG amaliyotlarini samarali joriy etish, jarayonlarni optimallashtirish hamda tashqi konsalting xizmatlariga boʻlgan ehtiyojni qisqartirishga xizmat qiladi.

2026-yil 18-fevral kuni kurs yakuni boʻyicha sertifikatlar topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirni “UzAssets” AJ Boshqaruv raisi Bobur Abdinazarov, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi direktorining oʻrinbosari Mirkomil Adilov hamda Osiyo taraqqiyot bankining Oʻzbekistondagi doimiy vakolatxonasi operatsiyalar boʻyicha rahbari Mirzo Iskandar Gʻulomov ochib berdilar.

Natijalarga koʻra, “UzGasTrade” AJ mutaxassisi Tolipov Behzod 100 balldan 93,01 ball toʻplab, eng yuqori natijani qayd etdi va I oʻrin sohibi sifatida sertifikat hamda esdalik sovgʻa bilan taqdirlandi. Shuningdek, u ESG oʻquv kursining ikkinchi bosqichida ishtirok etish uchun yoʻllanmaga ega boʻldi. Abdullaeva Sevara va Ziyodullayev Abbos ham sertifikat bilan taqdirlanib, ESG oʻquv kursining ikkinchi bosqichida ishtirok etish imkonini qoʻlga kiritdilar.
 

Powered by GSpeech