Bugun, 21-oktabr kuni yurtimiz boʻylab bayramona shukuh hukm surmoqda
21 Oktyabr 2025
156
21-oktabr sanasi xalqimiz tarixida muhim va qutlugʻ kun sifatida nishonlanadi. 1989-yil 21-oktabr kuni Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilingan boʻlib, u oʻzbek tilining maqomini davlat darajasiga koʻtardi. Ana shu tarixiy sana har yili mamlakatimizda Oʻzbek tili bayrami kuni sifatida keng nishonlanadi.
Oʻzbek tili — koʻp asrlik tarixga, boy lugʻat zaxirasiga va noyob maʼnaviy qadriyatlarga ega tildir. Bu til orqali ajdodlarimiz dunyoga buyuk ilm, adabiyot va madaniyat durdonalarini meros qilib qoldirganlar. Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur, Beruniy, Ibn Sino kabi buyuk mutafakkirlar oʻz asarlari bilan oʻzbek tilining salohiyati va jozibasini jahon miqyosida namoyon etganlar.
Mustaqillik yillarida ona tilimizga boʻlgan eʼtibor yanada yuksaldi. Davlat idoralarida, taʼlim muassasalarida, ommaviy axborot vositalarida va jamiyatning barcha sohalarida oʻzbek tilining nufuzini oshirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan oʻzbek tilini xalqaro miqyosda ilmiy va madaniy jihatdan rivojlantirish, uning raqamli texnologiyalar sohasida toʻliq qoʻllanilishini taʼminlash boʻyicha dasturlar ishlab chiqilmoqda.
Bu bayram — nafaqat til bayrami, balki millat bayrami hamdir. Chunki til – millatning ruhi, birligi va kelajagining kafolatidir. Har bir yurtdoshimiz oʻz ona tilini ardoqlab, uning tozaligi, boyishi va avloddan-avlodga yetkazilishi uchun masʼuldir.
Bugun, 21-oktabr kuni yurtimiz boʻylab bayramona shukuh hukm surmoqda. Respublika vazirlik va idoralari vakillari, maʼrifatparvar shoir-u yozuvchilar, ona tilimiz jonkuyarlari Toshkent shahridagi Adiblar xiyobonida joylashgan Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambar qoʻyish marosimida ishtirok etdilar. “UzGasTrade” AJ jamoasi ham Energetika vazirligi boshchiligida sohaga oid boshqa tashkilotlar bilan bir qatorda ona tilimizga chuqur hurmat va ehtirom izhor etdi.
Zero, ona tilimizni sevish, unga hurmat bilan munosabatda boʻlish va uning nufuzini yuksaltirish — har bir fuqaroning muqaddas burchidir.
“UzGasTrade” AJ Boshqaruv raisining maslahatchisi Sh.Nusharova
Boshqa yangiliklar
8-dekabr — Konstitutsiya kuni
9- dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni
Jamoaviy rivojlanish тreningi o`tkazildi
Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 36 yilligi munosabati bilan “Qadring baland boʻlsin, ona tilim!” shiori ostida bayram tadbirlari davom etmoqda