Mustaqillik — milliy qadriyatlar va farovon hayot poydevori
26 Avgust 2026
36
2026-yil 26-avgust kuni “UzGasTrade” aksiyadorlik jamiyatida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan “Mustaqillik — milliy qadriyatlar va farovon hayot poydevori” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir hamda “Maromiylik” targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari — Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi dotsenti Mansur Yunusov hamda shoira Shahlo Ahrorova mehmon sifatida ishtirok etdi.
Dastlab Mansur Yunusov Mustaqillikning xalqimiz hayoti va mamlakatimiz taraqqiyotidagi ahamiyatiga bag‘ishlangan ma’ruza bilan chiqish qildi. Unda yurtimiz tarixidagi Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, jadid ma’rifatparvarlarining millat ozodligi va taraqqiyoti yo‘lidagi faoliyati, siyosiy qatag‘on qurbonlarining fidoyiligi hamda “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasining tarixiy xotirani asrashdagi o‘rni haqida so‘z yuritildi.
Ma’ruzachi Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtalib, mamlakatimizning iqtisodiy rivojlanishi, mahalla institutining jamiyat hayotidagi o‘rni, xalqaro turizm salohiyatini yuksaltirish hamda O‘zbekistonning jahon maydonidagi nufuzini mustahkamlash yo‘lida olib borilayotgan ishlarni qayd etdi.
Shuningdek, Prezidentning hududlarga tashriflari davomida aholi turmush sharoiti va mavjud muammolarning bevosita o‘rganilishi, davlat va tashkilotlar rahbarlari hamda viloyat hokimlarining mahalla va xonadonlarda fuqarolar murojaatlari bilan ishlashi xalqqa xizmat qilish tamoyilining amaliy ifodasi ekani ta’kidlandi.
Mustaqillik bayrami munosabati bilan respublika miqyosida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, festivallar va kitobxonlikni targ‘ib etuvchi loyihalarning yoshlar qalbida vatanparvarlik, tarixiy xotira va milliy g‘urur tuyg‘ularini mustahkamlashdagi ahamiyati xususida ham fikr bildirildi.
Ma’ruza davomida Mahatma Gandi va Amir Temurning hikmatli so‘zlari, O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo she’rlaridan parchalar keltirildi. Mansur Yunusov o‘z chiqishini Muhammad Yusufning “Ulug‘imsan, Vatanim” she’ri bilan yakunladi.
Tadbirning ikkinchi qismida Shahlo Ahrorova “Maromiylik” mavzusini yoritdi. Unda to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni milliy qadriyatlarimizga mos hamda me’yor asosida o‘tkazish, ortiqcha sarf-xarajatlarni qisqartirish va yoshlar tarbiyasiga mas’uliyat bilan yondashish masalalari haqida so‘z bordi.
Shuningdek, yoshlarni “ommaviy madaniyat”ning salbiy ko‘rinishlaridan asrash, oila ma’naviyati va axloqini mustahkamlash, ajdodlarimizning mustahkam oila haqidagi ibratli o‘gitlariga amal qilish yuzasidan tavsiyalar berildi. Shoira o‘z ijodidan “To‘ylaringdan aylanay” she’rini o‘qib berdi.
Tadbir yakunida mehmonlar va Jamiyat xodimlari ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Xodimlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olib, Mustaqillikning tarixiy ahamiyati, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, mahalla va oila institutlarining jamiyat hayotidagi o‘rni hamda yoshlar tarbiyasi yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.
Tadbir ishtirokchilari yurt ozodligi yo‘lida jonini fido qilgan ajdodlarimiz xotirasini yod etishga, Mustaqilligimizni asrab-avaylashga, tinchlik va bugungi farovon hayotning qadriga yetishga da’vat etildi.
Boshqa yangiliklar
"UzGasTrade" AJda "Milliy qadriyatlar haftaligi" bo‘lib o‘tdi
Iqtisodiy o‘sish va ustuvor vazifalar: “UzGasTrade” AJda seminar
Qonunchilikdagi yangilik: yoqilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish inshootlarida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha yangi tartiblar belgilandi
Tabiiy gazning narx va tariflari oʻzgardi