Qonunchilikdagi yangilik: yoqilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish inshootlarida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha yangi tartiblar belgilandi
23 Iyul 2026
59
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-iyundagi 315-son qarori bilan yoqilg'i quyish shoxobchalari va gaz to'ldirish inshootlarida avariya va noxush hodisalarning oldini olish, xavfsizlik talablariga rioya etilishini ta'minlash, shuningdek, mazkur sohada nazorat va boshqaruv mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qo'shimcha chora-tadbirlar belgilandi.
https://lex.uz/uz/docs/8280849
Qaror bilan:
• yoqilg'i quyish shoxobchalari va gaz to'ldirish inshootlari uchun yong'in xavfsizligi, texnik jihatdan tartibga solish, sanoat xavfsizligi hamda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo'yicha minimal talablar tasdiqlandi;
• avtomobillarga gaz to'ldirish kompressor shoxobchalarida «U-Gas» apparat-dasturiy majmuasini joriy etish, undan foydalanish va texnik qo'llab-quvvatlash bo'yicha Ma'muriy reglament tasdiqlandi;
• ushbu sohadagi ayrim Hukumat qarorlariga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritildi.
Tasdiqlangan minimal talablar obyektlarning:
• yong'in xavfsizligi qoidalariga;
• texnologik jarayonlar va asbob-uskunalarga oid normativ hujjatlarga;
• sanoat xavfsizligi talablariga;
• ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoidalariga muvofiqligini baholash uchun yagona mezonlarni belgilaydi. Mazkur talablarning bajarilishi tegishli vakolatli davlat organlari tomonidan nazorat qilinadi.
Qarorga muvofiq:
• 2026-yil 1-sentabrdan xizmat muddati tugagan yoki ishlab chiqarilgan sanasi aniqlanmagan ortiqcha bosim ostida ishlovchi uskunalardan foydalanishni 2030-yil 1-yanvarga qadar bosqichma-bosqich cheklash choralari ko'riladi;
• texnik qurilmalarni sinovdan o'tkazish muddatlarini onlayn nazorat qilish mexanizmi takomillashtiriladi;
• yoqilg'i quyish shoxobchalari va gaz to'ldirish inshootlari uchun muhandis-texnik xodimlarning minimal shtat normativlari ishlab chiqiladi;
• rahbar va muhandis-texnik xodimlarning sanoat hamda yong'in xavfsizligi bo'yicha muntazam o'qitilishi ta'minlanadi.
«U-Gas» tizimi bo'yicha qanday tartib belgilandi?
Qaror bilan avtomobillarga gaz to'ldirish kompressor shoxobchalari faoliyatini raqamlashtirishga alohida e'tibor qaratildi.
Xususan:
• «U-Gas» dasturini joriy etish AGTKSHlar uchun majburiy talab etib belgilandi;
• tizimni joriy etish va texnik qo'llab-quvvatlash «UZINFOCOM» MCHJ tomonidan amalga oshiriladi;
• «U-Gas» tizimidagi ma'lumotlar nazorat qiluvchi organlar tomonidan qonunchilik talablariga rioya etilishini baholashda rasmiy ma'lumot sifatida e'tirof etiladi;
• gaz ballonlari va boshqa davlat axborot tizimlari bilan bosqichma-bosqich integratsiyani ta'minlash vazifasi yuklatildi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur qaror yoqilg'i quyish shoxobchalari va gaz to'ldirish inshootlarida xavfsizlikni ta'minlash, nazorat tizimini raqamlashtirish, sanoat va ekologik xavfsizlik talablarini kuchaytirish hamda davlat organlari faoliyatini o'zaro muvofiqlashtirishga qaratilgan kompleks huquqiy mexanizmlarni belgilaydi.
Hujjatning ijrosi mazkur sohada avariya va noxush hodisalarning oldini olish, fuqarolar hayoti va sog'lig'ini muhofaza qilish hamda xavfsizlik talablariga rioya etilishi ustidan nazorat samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Boshqa yangiliklar
Iqtisodiy o‘sish va ustuvor vazifalar: “UzGasTrade” AJda seminar
Tabiiy gazning narx va tariflari oʻzgardi
Yoshlar kuni doirasida ma’naviy-ma’rifiy tadbir va “Kitobxonlik soati” o‘tkazildi
"UzGasTrade" AJ Boshqaruv raisining murojaatnomasi