Sayt test rejimida ishlamoqda Saytning eski talqini


Barcha yangiliklar

"UzGasTrade" AJ Boshqaruv raisining murojaatnomasi

1 Iyul 2026

20

                                             Hurmatli UzGasTrade aksiyadorlik jamiyati ishchi-xodimlari hamda rahbarlari, qadrli ishbilarmon hamkorlar!

          Soʻnggi yillarda, ayniqsa yangi maʼmuriyat davrida korrupsiyaning oldini olish va unga  qarshi kurashish nafaqat davlat siyosati, balki har bir tashkilot va har bir fuqaroning vijdon ishiga aylandi.

Chunki korrupsiya jamiyat va davlat taraqqiyotiga gʻov boʻladi, nurli kelajakni  oʻgʻirlaydi, adolat va halollik tamoyillarini izdan chiqaradi, davlat va uning idoralariga nisbatan ishonchga putur yetkazadi.

Shu boisdan ham bu illatga qarshi murosasiz kurash Davlatimiz rahbarining bevosita rahnamoligida davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.

"UzGasTrade" aksiyadorlik jamiyatida ham mazkur yoʻnalishda tizimli va aniq maqsadlarga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda.

“UzGasTrade” aksiyadorlik jamiyati yagona aksiyadorining 2023-yil 17-avgustdagi 13/-8-4-sonli qaroriga asosan Jamiyat tashkiliy-tuzilmasida 2 nafar xodimdan iborat Komplaens-nazorat boʻlimi tashkil etilib, boʻlim malakali va tajribaga ega boʻlgan kadrlar bilan toʻldirilgan.

          Komplaens-nazorat boʻlimi tomonidan Jamiyatning mutasaddi boʻlinmalari bilan uzviy hamkorlikda korrupsiyaga qarshi tizimli kurashishni tashkil etishga qaratilgan 15 ta ichki lokal hujjat Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining tavsiyalari asosida ishlab chiqildi, Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlandi hamda barcha xodimlarning erkin va ochiq tanishishi uchun Jamiyatning rasmiy veb-saytiga oʻzbek va rus tillarida joylashtirildi.

2025-yil yakunlari boʻyicha Jamiyatning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyati Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda mustaqil ekspertlar tomonidan yuqori baholanib, “Samaradorlik reytingi”da 100 ballik imkoniyatdan 70 ballni qoʻlga kiritishga erishildi.

Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilgan ishlar Jamiyatning barcha boʻlinmalarini qamrab oldi.

Jamiyat faoliyatidagi 7 ta funksiya va vazifalar, ularning korrupsiyaga moyillik darajasi Agentlik mutaxassislari bilan uzviy hamkorlikda sinchkovlik bilan baholashdan oʻtkazildi.

Taʼkidlash joizki, baholash ishlari yakuniga koʻra, Jamiyat funksiya va vazifalarining aksariyatida korrupsiyaviy  xavf va xatarlar darajasi past ekanligi qayd etildi.

Baholash ishlari yakuni bilan Jamiyatning  korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi, korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi hamda korrupsiyaga moyil lavozimlar roʻyxati tasdiqlandi va E-anticor.uz platformasiga yuklandi. Ayni vaqtda, aniqlangan xavf va xatarlarni bartaraf etish boʻyicha Dasturda va Xaritada belgilangan chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

Jamiyatda yaratilgan boshqaruv tizimining yana bir muhim jihati shundaki, u eng avvalo Jamiyat xodimlarida halollik, ochiqlik va masʼuliyat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan.

Shu bois Jamiyat rahbarlari, mutaxassislari va barcha xodimlarining huquqiy ongi hamda huquqiy madaniyatini yuksaltirish, korrupsiyaga qarshi bilim va koʻnikmalarini mustahkamlash, pirovardida esa Jamiyatda korrupsiyaning har qanday turi va shakliga nisbatan mutlaqo murosasiz muhitni shakllantirish ustuvor maqsad etib belgilangan.

Jamiyatning rahbar xodimlari davlatimizning nufuzli  ilm dargohlarida, jumladan, Huquqni muhofaza qilish akademiyasining maxsus va umumiy oʻquv kurslarida muntazam tahsil olib kelmoqda, xodimlarning kasbiy malakasi hamda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilim va koʻnikmalari tizimli ravishda oshirilmoqda.

Jamiyatning xaridlar jarayonida shaffoflik, hisobdorlik, halol raqobat muhitini taʼminlash, mazkur sohaga mutasaddi boʻlgan rahbarlar hamda Komplaens-nazorat boʻlimi faoliyatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib, Jamiyat rahbariyatining  kun tartibidagi eng dolzarb masala sifatida doimiy nazoratda turadi.

Taʼkidlash joizki, Jamiyatda har yili amalga oshiriladigan xarid tartib-taomillari jarayonida barcha rasmiylashtiriladigan shartnoma va bitimlar Komplaens-nazorati boʻlimi tomonidan oʻrganilgan holda imzolanadi.

Shu boisdan ham ilgʻor xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda Jamiyatning har qanday boʻlajak hamkorlarini va kontragentlarini xolis tekshiruvdan oʻtkaziladi.

Shu maqsadda Jamiyatning barcha shartnoma va bitimlariga alohida “Korrupsiyaga qarshi qoidalar” boʻlimi kiritildi.

Ilgʻor va umumeʼtirof etilgan ehtiyotkorlik choralarini tizimli asosda kundalik moliya-xoʻjalik faoliyatida qoʻllash,  oʻz navbatida Jamiyatning iqtisodiy va moliyaviy xavflarini kamaytirishga, hamkorlik aloqalarini oʻrnatishda manfaatlar toʻqnashuvi hamda “affillanganlik” holatlarining oldini olishga, oʻzaro ishonchga asoslangan hamkorlik muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.

“UzGasTrade” AJning 2024-yildagi xarid jarayonlarini kompleks baholash, davlat xaridlari tizimining samaradorligini tahlil qilish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimlari samaradorligini baholash (forenzik audit) boʻyicha xalqaro auditorlik tashkiloti “Ernest&Young”  jalb etildi.

“Ernest&Young” xalqaro auditorlik tashkiloti tomonidan Jamiyatning xarid faoliyati, komplaens nazorat tizimi, tashkiliy tuzilmasi, amaldagi tartib-taomillari, xarid jarayonlarining qonunchilik talablariga muvofiqligi hamda ehtimoliy korrupsiyaviy xavflar boʻyicha keng qamrovli tahlil qilindi.

Chunonchi, xalqaro Forenzik-audit doirasida, Jamiyatning xarid jarayonlari boʻyicha hujjatlar va maʼlumotlar tahlil qilinib, xaridlar sohasiga masʼul boʻlgan rahbar xodimlar bilan intervyular oʻtkazildi, 2024-yilda amalga oshirilgan xarid operatsiyalari tanlov asosida sinchkovlik bilan oʻrganildi hamda mavjud biznes jarayonlar baholandi.

Audit yakunlari boʻyicha “Ernest&Young” tomonidan Jamiyatning xarid jarayonlarini yanada takomillashtirish boʻyicha taklif hamda tavsiyalar berildi.

Yana bir muhim yoʻnalish, bu Jamiyat tizimida ishlab kelayotgan barcha xodimlar va ishga qabul qilinayotgan yangi xodimlarning mehnat shartnomalariga aksilkorrupsiyaviy majburiyatlar kiritish tizimi joriy etildi.

Bunda barcha xodimlar va yangi xodimlar, Jamiyatning Odob-ahloq kodeksi, Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, Manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish siyosati, Sovgʻalar siyosati kabi halollik hamda shaffoflikni targʻib qiluvchi asosiy ichki hujjatlarining eng muhim qoidalari, sohaga oid hujjatlarning mazmun va mohiyati bilan bevosita tanishtirib boriladi.

Bunday yondashuv, oʻz navbatida Jamiyatning ahil mehnat jamoasiga  yangidan kelib  qoʻshilgan xodimlarni ilk kunlardanoq masʼuliyat, qonuniylik va halollik  ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

Jamiyatda joriy etilgan Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi, ilgʻor xalqaro standartlar talablariga muvofiq tashqi xolis audit tekshiruvidan muvaffaqiyatli oʻtdi hamda ISO 37001:2025 va ISO 37301:2021 xalqaro, shuningdek, Oʻz DST ISO 37001:2025 milliy sertifikatlariga ega boʻldi.

Bu esa korrupsiyaning oldini olish va kurashish borasida Jamiyatda amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro mezonlar darajasida tashkil etilganligini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, korrupsiyaga qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi yoki nazorat organlarining vazifasi, deb hisoblash mutlaqo notoʻgʻri yondashuvdir.

Bu illatga qarshi kurashish – umummilliy vazifa. Har bir vijdon sohibining ongli tanlovi, kundalik turmush tarzining bosh mezoni boʻlishi lozim deb hisoblayman.

Har bir rahbar, ishchi va xodim oʻz mehnat faoliyati va kundalik hayotida qonun va qoidalarga qatʼiy amal qilsa, halollikni oʻzining insoniy burchi deb hisoblasa, oʻzganing huquq va manfaatlarini hurmat qilsa, har qanday noqonuniy holatlarga nisbatan toqatsiz munosabatni amalda namoyon qilsa, ahil va mehnatkash jamoamizda halollik muhiti yanada mustahkamlanadi.

Aziz hamkasblarim, barcha darajadagi rahbarlar qadrli ishbilarmon hamkorlar!

Keling, birgalikda adolat va qonun ustuvor boʻlgan, halollik qadrlanadigan, korrupsiya va jinoyatchilikka mutlaqo oʻrin qolmaydigan jamiyatni birgalikda barpo etaylik.

Men aminmanki, basharti barchamiz,  bir yoqadan bosh chiqarib, kuch va irodamizni birlashtirib, korrupsiyaga qarshi kurashsak, kun kelib biz albatta, koʻzlagan  ezgu maqsadlarimizga erishamiz.

Qonun ustuvor boʻlgan joyda taraqqiyot, adolat hukmron boʻlgan muhitda esa ishonch va farovonlik qaror topadi.

 

                                                                                                                                                                                                                                      "UzGasTrade" AJ Boshqaruv raisi  

                                                                                                                                                                                                                                       A.T.Agzamov

 

 

Powered by GSpeech